O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

To‘xliyeva Sharofat

To‘xliyeva Sharofat Bektoshevna    Aslida ayol o‘zining go‘zalligi bilan olamga ko‘rk beradi. Mehri bilan qalblarni isitadi. Muhabbati bilan yuraklarni bezaydi. Bekalik san’atini ko‘z - ko‘zlab xonadoniga qut - baraka olib kiradi, ezguparvarligi bois farzandlari ongiga saodatmandlikni jo etadi, kuyinchakligi bilan mahallasi va yurti taqdiriga aralashadi, ilmi va talanti bilan esa jamiyat taraqqiyotiga hissa qo‘shadi.
  Endilikda ayolning shijoati yanada balandlab, kuchi va g‘ayrati yanada jo‘sh urayotgani sir emas. Negaki istiqlol ayolning onaligini, bekaligini qadrladi. Shu asnoda unga cheksiz rag‘bat, katta ishonch, o‘z salohiyatini namoyon etishiga ulkan imkoniyat berdi. Yanayam aniqroq aytganda istiqlol yurtimizdagi bilimdon, tashabbuskor va fidoyi ayollarni kashf etdi. Ana shunday fidokor ayollardan biri Sharofat Bektoshevna To‘xliyevadir. Uni nafaqat Samarqandda, balki respublikaning boshqa joylarida ham tanishadi, yaxshi bilishadi.
  - Dadam Bektosh Rahimov uzoq yillar mas’ul lavozimlarda ishlaganlar. Ko‘plab viloyatlarda - Xorazm, Andijon, Samarqandda yetakchi rahbar sifatida katta obro‘ qozonganlar. Garchi bir necha yillar avval hayotdan ketgan bo‘lsalarda, hali - hanuz ko‘pchilik otamning nomini faqat yaxshi so‘zlar bilan tilga olishadi, umr bo‘yi el - yurt uchun amalga oshirgan ezgu - savob yumushlarini qayta - qayta xotir lashadi. Men otam bilan juda - juda fahrlanaman, - deydi Sharofat Bektoshevna. Bir qarashda Sharofat To‘xlievani “otasining qizi” desa ham bo‘ladi. Yaqinlari hazil aralash “senga dadangning geni o‘tgan” deydilar. Chunki u fe’lidagi juda ko‘p go‘zal fazilatlarni ota - onasidan o‘zlashtirgan. Shuningdek ishga bo‘lgan chuqur mas’uliyati, o‘ziga talabchanligi, sabr - qanoati va tinib - tinchimasligi uning xizmat pillapoyalaridan tobora yuqorilab borishiga ko‘maklashdi. 
  Otasining turli joylarga rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi munosabati bilan ularning oilasi respublikaning bir qancha shahar va viloyatlarida istiqomat qilishdi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, Sharofat Bektoshevna odamlar bilan til topishish va ularning hayotiga oid har qanday masalani tezda hal eta olishga odatlandi.
  Sharofat To‘xliyeva 1954 yil Toshkent shahrida ziyoli oilada tavallud topdi. O‘rta maktabni tugatgach Andijon davlat chet tillari institutida tahsil oldi. Keyinchalik Toshkent davlat jahon tillari universitetining ingliz tili va filologiya fakultetida o‘qidi. Farang tili bo‘yicha ikkinchi mutaxassislikni egalladi. 1976 yildan boshlab, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanidagi maktabda o‘quvchilarga frantsuz tilidan dars berdi.
  1981 yilda Samarqand davlat universitetining aspiranturasiga kirgan Sharofat Bektoshevna 1985 yildan boshlab ingliz tili o‘qituvchisi sifatida universitet talabalariga saboq berdi. Nomzodlik ishini yoqlagandan so‘ng ham ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullandi, dotsent lavozimida xizmat qildi, ko‘plab ilmiy maqolalarni turli nashrlarda chop ettirdi. O‘sha kezlarda SamDU rektori Sharofat Bektoshevnani dekanlik lavozimida ishlashga taklif etdi. Bir oz vaqt o‘tib, chet tillar instituti ma’muriyati prorektor bo‘lib ishlashini taklif qildi. Sharofat To‘xliyeva bu lavozimlarda ishlashdan ko‘ra talabalarga saboq berishni va ayollar orasida ish yuritishni afzal ko‘rdi. U universitet xotin - qizlar kengashining raisi va boshqa rahbarlik - tashkilotchilik vazifalarini ado etdi. Ingliz tili o‘qituvchisi sifatida esa talabalarga chuqur bilim berish, ularni chet tillarni yaxshi o‘zlashtirishiga ko‘maklashish, darslarni yuqori saviyada o‘tkazishni hamisha kun tartibidagi bosh masala qilib qo‘ydi. Uning o‘quv - uslubiy qo‘llanmalari hozirga qadar fanlarni chuqur va mukammal o‘zlashtirishlarida talabalarga dasturilamal bo‘layapti.
  Jamoat yumushlarini uddalab, hurmat va ishonch qozonish hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Ayniqsa xotin - qizlar hayotiga doir muammolar yechimini axtarib topish juda katta mehnat va mas’uliyatni talab etadi. Bu jihatdan Sharofat Bektoshevnaga havas qilsak arziydi. Mana, o‘n sakkiz yildirki, Samarqand davlat universiteti xotin - qizlar qo‘mitasining raisi sifatida tashkilotchilik, tarbiyaviy, ma’naviy - ma’rifiy ishlarga bosh - qosh.
  Hamisha ayollarning tashvishu quvonchlari oralig‘ida yashash, ularning yutuqlaridan suyunib, og‘riqlaridan kuyunib yurish Sharofat To‘xliyeva uchun odatga aylanib qolgan. Bu ayolni chinakam ma’noda qiz - juvonlarning kuyinchak yetakchi deyish mumkin. Masalan, ayollarning har jihatdan ilgarilashi, ya’ni bilim olishi, huquqiy ilmlarni o‘zlashtirishi, oiladagi burchlarni chuqur tushunishi, jamiyat va davr talablarini yurakdan anglashi uchun Sharofat To‘xliyeva nimaiki zarur bo‘lsa, shuni amalga oshiradi. Uning ayollar o‘rtasida o‘tkazayotgan uchrashuv va muloqotlarining son - sanog‘i yo‘q. “Oila va nikoh”, “Qaynonam jonim onam - kelinim jonim bolam”, “Epli kelin kerakmi yo sepli kelinmi?”, “Qarindoshga quda bo‘ldim - qarindoshdan judo bo‘ldim”, “So‘z ichra mudom aql yashirin, so‘z chimildig‘u aql kelin”, “Din va nikoh”, “Odam savdosi - asr muammosi”, “OITS kasalligi va uning oldini olish”, “Inson odobi bilan” singari o‘nlab ma’rifiy tadbirlar Sharofat Bektoshevnaning tashkilotchiligi tufayli bahamjihat o‘tkaziladi. Bu ayol viloyatdagi iqtidorli qizlarni qo‘llab - quvvatlaydi, kam daromadli xonadonlarga yordam ko‘rsatishga oshiqadi, nogironlarning sog‘lig‘i uchun qayg‘uradi, xayriya ishlarining boshida turadi. Xullas oilalarning taqtsiriga aralashib, turli - tuman muammolarini ijobiy hal etadi, zarur bo‘lsa ularga ko‘maklashadi, yo‘l - yo‘riq ko‘rsatadi. Uzoq yillik samarali xizmatlari evaziga Sharofat Bektoshevna yuqori tashkilotlarning Faxriy yorliqlarini oldi, 1999 yil - Ayollar yilida “Oliy ta’lim a’lochisi” degan unvonga sazovor bo‘ldi.
  Sharofat Bektoshevna zimmasidagi yumushlar qanchalik ko‘p bo‘lmasin o‘z oilasiga albatta vaqt ajratadi. Umr yo‘ldoshi va farzandlari uchun eng tansiq taomlar tayyorlashga hech erinmaydi. Xonadon boshlig‘i Baxriddin To‘xliyev ziyoli inson, ko‘p yillar mas’ul lavozimlarda xizmat qilgan. “Meni umr yo‘ldoshim doimo qo‘llab   quvvatlagan, farzandlarim tarbiyasida yordamini ayamagan, hatto fan nomzodi bo‘lishimda u kishining ham juda katta hissasi bor deb ayta olaman. Chunki bizlarga barcha shart - sharoitlarni yaratib bermaganlarida yelkamdagi og‘ir yukni ko‘tarishim oson kechmasdi” deydi Sharofat To‘xliyeva.
  Bu ahil oilada to‘rt farzand o‘sib - ulg‘aydi. Po‘latbek, Go‘zalxon, Parizod, Jo‘rabeklar ayni vaqtda jamiyat xizmatida bo‘lishib, el - yurtning, qolaversa ota - onalarining ko‘zlarini quvontirashayapti.
  Davlatimiz rahbari Islom Karimovning “Elim deb, yurtim deb yonib yashamoq kerak” degan so‘zlari bu kun xalq orasida hikmatga aylanib ketgan. Aslida mustaqil mamlakat taraqqiyoti yo‘lida yonib yashayotgan insonlar oramizda juda Sharofat opa To‘xliyeva ham ana shundaylardan biri. O‘zgalar baxti - saodati uchun o‘z baxti saodatini fido qilishga tayyordir u. Qolaversa ezgulik nurlari bilan boshqalar qalbini yoritayotgan Sharofat Bektoshevna singari ayollarning umr yo‘llari ham tobora uzayib, nurafshon bo‘lib boraveradi.



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar10



Ijtimoiy-gumanitar fanlar5



Tabiiy fanlar5



Filologiya80