Umarbekova Zuxra Usmonovna Toshkent shahrida 1935 yil 5 dekabrda o‘qituvchilar oilasida tug‘ildi. Hayotning achchiqligini qarang. Zuhraxonning otasi Usmon aka urushga ketib, halok bo‘ldi. Onasi bevaqt vafot etdi. Sakkiz yoshga to‘lib - to‘lmagan qiz yetim qoldi. U Toshkentdagi 11- bolalar uyida 1943 yildan 1953 yilgacha tarbiya topdi. Juda odobli edi qizaloq, juda bejirim edi. O‘rta ma’lumot olgach, shu yili ToshDUning filologiya fakultetiga o‘qishga kirdi. 1958 yilda uni tamomladi. Talabalik yillarida unga baxt qushi kelib qo‘ndi. Fakultetning eng oqil va eng xushro‘y yigitlaridan biri qizning qo‘lini so‘radi. Chunki iffat va go‘zallikda Zuhraxonning o‘zi ham dargohning oldi qizlaridan edi. Undagi mayinlik, sipolik har qanday yigitning yuragiga yetib borishi mumkin edi. U baxt tanlashda yanglishmadi. Zuxra O‘lmas Umarbekovdek inson bilan umrini bir umrga bog‘ladi. Uning kelajakda o‘z davrining katta adibi va jamoat arbobi bo‘lib yetishishida, tinch va notinch kunlarini o‘tkazganda... hamma - hammasida yonida turdi. Alloh ularga qizaloq ato etdi. Sal kechroq, anchagina kech. Lekin berganiga shukur qildilar. Uning ismini yaxshi niyatla Umida qo‘ydilar.
Zuhraxon universitetni tugatgach, O‘zFA Til va adabiyot institutida laborant bo‘lib ishladi. 1962 — 1964 yillarda shu institut aspiranturasida o‘qidi. 1967 yilda “M.Yu. Lermontov va o‘zbek adabiyoti” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. Shu mavzudagi monografiyasi, qolaversa, keyingi yillarda shu institutning ilmiy xodimi sifatida qirqdan ortiq ilmiy maqolalar yozdikim, bu ulug‘ rus shoiri ijodi va badiiy tarjimalar muammolariga bag‘ishlangan edi. Yosh olima “Lermontov ekspeditsiyasi” mualliflaridan biri sifatida xalqaro konferentsiyalarda ishtirok etdi.
1978 yilda Zuhra Usmonovna hozirgi M.Uyg‘ur nomli Toshkent Davlat San’at institutiga taklif etildi. 1987 yilda dotsent ilmiy unvoniga erishgach, tillar kafedrasi boshlig‘i etib tasdiqlandi. 2003 yilda unga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni berildi. Shu kecha - kunduzda u “San’at xaqida so‘zlashaylik” o‘quv qo‘llanmasi ustida ish olib bormokda. “Portret. Xarakter”, “Mening bo‘lajak kasbim?”, “Orol — mening dardim” uslubiy ishlarini tayyorladi.
Bu jafokash ayol hozir ikki tomonlama tinmay ishlamoqda. Biri talabalari uchun zamonaviy qo‘llanmalar, kitoblar yaratsa, yana bir muhim ishi O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘lmas Umarbekovning qo‘lyozmalarini saranjom - sarishta qilish, asarlarini nashrga tayyorlash... Qudratli yozuvchining chirog‘ini yoqish... O‘lmas Umarbekov chirog‘i... keling shu joyda ustoz Said Ahmadning “Kiprikda qolgan tong” kitoblarida O‘lmas akaga bergan ta’riflarini keltiraylik: “Insonni badnom qiladigan har qanday harom - xarish ishlardan o‘zini tiya olgan, bu dunyoga pok kelib, pok ketgan, nurdek tiniq hayot kechirgan, Alloh dargohiga farishta bo‘lib yo‘l olgan do‘stim, ukam, jigarim, qadrdonim, xotirasi hech qachon yodimdan chiqmaydigan sevimli yozuvchim O‘lmas Umarbekov...” Dedikki, Zuhraxon har qanday sharoitda ham umr yo‘ldoshining yonida bo‘ldi. Davr tashvishi, odamlar o‘rtasidagi muloqotlar o‘tkir keskinlashgan pallalarda uni asradi - avayladi. O‘lmas aka og‘ir dardga chalinganda bu dardni u birga tortdi. Gapira olmay qolganda uni bir ko‘z qarashida, bir imosida tushuna oldi, O‘lmas aka butun dardni yengib, “Qizimga maktublar” asarini yozdi. Bunda Zuxraxon uni qo‘llab - quvvatladi va sharoit yaratib berdi.
O‘lmas akaning Zuhraxonga bo‘lgan mehrini bir xat misolida keltiraylik. Bu xat hurmatli yozuvchimiz Moskvada davolanayotgan vaqtida yozilgan. Undan parcha o‘qiysiz:
Jonim Zuxram, sen mening yagonam! Men, albatta, yashashni istayman, davolanishdan erinmay tuzalishga harakat qilaman. Lekin qo‘nglimda umrim bitganini sezib turibman. Oynaga qarab, o‘z aftim o‘zimga yoqmayapti. Sening qo‘lingni tutib uxlasam - u, uyqumda uzilsam yaxshiroq bo‘lardi. Jonim shundoq qiynoqdaki, menga bu azobdan mangu uyquga ketish osonroq tuyuladi. Seni uchratganim, topganimdan so‘nggi nafasda ham o‘zimni baxtli sezaman.
Sen mexribonsan, samimiy, yaxshi uy bekasisan. Uyni endi to‘liq qo‘lga ol. Qiynalsanglar, mening ijod xonamni ijaraga topshir. Sen bilan Umidaga bu yoqdagi xona turishga yetadi. Umida seni juda yaxshi ko‘radi, lekin u hali yosh, bir oz qiziqqon. Sen unga tarbiya ber, chidam bilan, bardosh bilan, mehr bilan, erkalab. Sendan minnatdorman, jonim.
Sizlarni quchib: O‘lmas. 31.VIII. 94.»
Umida Umarbekova ota - ona kutganidek oqila, fozila, ilm - ma’rifatli qiz bo‘lib yetishdi.