Xodjaeva Dilora Islomovna, 1943 yil 10 fevralda Buxoro viloyatining Konimex tumanida tug‘ildi, tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent.
Dilora juda kichkinaligidayoq shifokor bo‘lishni diliga tugib qo‘ygandi. U oppoq xalati o‘ziga yarashadigan, boshqalardan orastaligi bilan ajralib turadigan shifokorlarga havasi kelardi. Maktabni bitirish arafasida Moskvada o‘qiydigan opasi o‘qishga chaqirganda rozi bo‘lmadi. U hujjatlarini Meditsina institutining pediatriya fakultetiga topshirdi va talaba bo‘ldi. Diloraxon butun vujudi bilan o‘qishga berildi. Dilida esa ustozlaridan olayotgan bilimlarni amalda sinash istagi yonardi. Shu bois u ruhiy kasalliklar shifoxonasida tungi navbatchi bo‘lib ishga kirdi. Bu bilan o‘zini moddiy jihatdan ham ta’minladi, ham malakasini oshira boshladi. Biroq Diloraning ko‘ngli juda bo‘sh edi. U ba’zan xastalarga rahmi kelib yig‘lab ham olardi.
Bunaqasi ketmaydi, shifokor irodali bo‘lishi kerak. Bemor uning yig‘laganini ko‘rsa, dilida sog‘ayishga, tibbiyotning kuchiga shubha uyg‘onadi, - dedi ustozi. - Bu ishda sal qattiqqo‘llik ham kerak.
Nima qilay, bemorlarimni butunlay sog‘ayib ketishini xohlayman-da.
Bemorni sevganing yaxshi, biroq ko‘ngilchan bo‘lma, eh-he, hali oldinda seni qanday sinovlar, qanchadan-qancha kasalliklarga qarshi kurashlar kutyapti, - dedi Hasan Yunusovich unga mehr bilan boqib.
Ustoz haq bo‘lib chiqdi. O‘sha suhbatdan uch kun o‘tib, Toshkentda qattiq zilzila bo‘ldi. Shifokorlar qatori tibbiyot instituti talabalarining ham ishi ko‘paydi. Shaharda yuqumli qasalliklar tarqalmasligi uchun safarbarlik boshlandi. Dilora o‘qishdan so‘ng ham klinikalarda qolib ishladi. Shu orada ittifoq miqyosida bezgak tarqaldi. Dilora ko‘ngillilar qatorida sanaviyatsiya otryadi safida Qoraqalpog‘istonga bordi. Kasallikni bartaraf qilishda qatnashdi, o‘rgandi. Shu tariqa u yuqumli kasalliklar shifokoriga aylandi. Institutni tugatgach, ikki yil yuqumli kasalliklar shifoxonasida ishladi. Institutning yuqumli kasalliklar kafedrasi aspiranti bo‘ldi. 1975 yilda nomzodlik dissertatsiyasini yokladi. Bu paytda u ikki bolaning onasi edi. Darvoqe, uning turmush o‘rtog‘i Tolmas Shamsiev bilan tanishishi ham qiziq bo‘lgan. Aniqrog‘i kuyovni onasi topgan. O‘sha mash’um zilzila asoratlari bartaraf qilinayotgan paytlar. Oysha opa zilziladan zarar ko‘rgan oshxona jihozlarini olib chiqishda o‘ziga ko‘maklashgan xushro‘ygina, nihoyatda mehribon yigit haqida ikki-uch kun havas bilan gapirib yurdi. Ma’lum bo‘lishicha u yigit Politexnika instituti talabasi ekan. Buni qarang, oradan bir hafta o‘tmay o‘sha hojatbaror yigitdan sovchi keldi. Hech bir yigitni parvosiga olmay yurgan Dilora ham uni ko‘rganda g‘alati bo‘lib, tili gapga kelmay qoldi. Shu tariqa u to‘rt o‘g‘il bir qizli katta oilaga kelin bo‘lib tushdi. Maktabda ham institutda ham ruschada o‘qigan Dilora chinakam o‘zbek urf-odatlari hukmron bo‘lgan oilada avvaliga biroz qiynaldi. Biroq qaynonasining eng sevimli keliniga aylandi.
- Kelinim biram chaqqon, biram sarishta, baraka topsin. Biroq, juda kamgapda, - derdi u qo‘shnilarga. U kelini o‘zbekchani yaxshi bilmagani uchun gapirmasligini, aslida anchagina shaddod ekanligini qayoqdan bilsin. Keyin Tolmasjon unga o‘zbekcha gapirishni, gapirganda ham chertib-chertib gapirishni o‘rgatib qo‘ydi. Qaynonasi esa che- varlikni o‘rgatdi. Xullas uni oilada tushunishdi, qo‘llab- quvvatlashdi. Dilora nomzodlikni yoqlagach, bir umr shu qadrdon institutida ishlab qoldi. Yetuk shifokor bo‘ldi.
U 1964 - 2000 yilda Toshkent meditsina institutida yuqumli kasalliklar shifokori bo‘lib mehnat qildi. Ta- labalarga talabchan ustoz bo‘ldi. 20 dan ortiq risolalar, uslubiy qo‘llanmalar yaratdi. O‘zbekistonning har bir qishloq, ovulida bo‘ldi. Bemorlarni davolashda qatnashdi, shifokorlarga ilmiy, amaliy maslahatlar berdi. Unga umid va ishonch bilan termulib turgan bemorlarni ko‘rganda, kuch-g‘ayratga to‘ldi. Charchash degan so‘z yo‘q edi uning ish lug‘atida. Eng og‘ir bemorlarni davolashda uning maslahati, ko‘rsatmasiga suyanardi shogirdlari.
Keyinchalik farzandlari ham uning shogirdiga aylandi. Bugun qizi Dilraboxon shifokor ginekolog, dotsent, o‘g‘li Iskandar - urolog, Asqar - meditsina fanlari nomzodi, narkolog. Nabiralar, quda-andalar. Xullas, endi nabiralar tarbiyasi, quda-andalar bilan bordi-keldiga ham bir olam vaqt kerak.
Nafaqaga chiqsam, shunday ishlar bilan shug‘ullanaman deb o‘ylagandi. Biroq uning kasbi nihoyatda insonparvar kasb. Inson esa tabiatning eng oliy ne’mati. Bu ne’matni asrash, umrini uzaytirish, salomatligini tiklashdek oliyjanob kasb egasi bo‘lgan Dilora opa kishilarga yordam bermasdan yashay olmasligini qisqa fursatda tushunib yetdi.
Bugungi kunda oshqozon-ichak kasalliklari insonlar orasida ko‘p tarqalgan. Dilora opa bu sohada malaka oshirgach, «Turon» sihatgohida gastroenterolog bo‘lib ishladi. Qanchadan-qancha bemorlar dardiga davo berdi. O‘zi yashayotgan
«Yangi hayot» mahallasining oqsoqoli ham o‘sha sihatgohda davo topganlardan emasmi, mahalladoshlari sog‘lig‘ini unga ishondi.
Bu ishonch Dilora opaga qayta kuch berdi. Bajonidil rozi bo‘ldi. U hayol bilan bo‘lib, mahalla qo‘mitasiga yetib kelganini sezmay qoldi. Qarasa 15-20 kishi uni kutib turibdi. Doktor ular bilan salomlashgach, alohida-alohida qabul qilishga kirishdi. Demak, yana ishga...