Hech kim bu ayolga o‘zining yoshini bermaydi. Hech kim bu ayolga keksalikni munosib ko‘rmaydi. Chunki ular yoshlardek qaddi - qomatli, ovozlarida yoshlar ovozidek jarang. Hamma ularning orqalaridan ham sizlab gapiradi. Biz xam shunga amal qildik. Demoqchi bo‘lganimiz ustoz Lola Xo‘jayeva xaqlarida.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qirg‘izistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi, “El - yurt xurmati” ordeni nishondori, juda ko‘plab turli millat talaba yoshlari ustozi Lola Ag‘zamovna Xo‘jayeva 1922 yilning 9 yanvarida Toshkent shaxri, Shayxontoxur dahasi Mergancha maxallasi, Qozi ko‘chasidagi Ag‘zamxo‘ja Nizomiddinxo‘ja o‘g‘li oilasida tavallud topganlar. Onalarining ismlari Fotimai Zuxra bo‘lib, zukko, xunarli ayol edilar. Oilada buvilari bibi Malika, akalari Asrorxo‘ja va singillari Tamila bilan birga istiqomat qilishardi. Otalari Ag‘zamxo‘ja o‘z davrining ilg‘or ziyoli kishilaridan biri edi. Afsuski, ko‘plab qatag‘on qurbonlari qatori 1937 yilda Ag‘zamxo‘ja Nizomiddinxo‘ja o‘g‘lini xam Volga - Don kanaliga surgun qilishib, otuvga hukm etishdi. Tug‘ilgan uyi, mol - mulklari musodara qilingan quvg‘indi oila boshpanasiz qoldi. Nixoyat Sebzor daxasidan nochorgina uy topildi. Onasi o‘sha davrda Hamza nomi bilan atalgan drama teatrida grimyor vazifasida ishlay boshladi.
Lola opaning ko‘p vaqti teatrda, onalari yonida o‘tardi. O‘n to‘rt yoshlaridan boshlab maktabda o‘qish bilan birga bolalar bog‘chasida farrosh bo‘lib ishladi. Maktabni tugatgach, 1940 yilda Moskva Davlat teatr san’ati institutiga o‘qishga kirdi. Urush boshlanganda boshqa talabalar qatori Moskva atrofida okoplar qazish ishlarida qatnashdi. Gospitaldagi yaradorlar uchun qon berdi, xullas, urush tugaguncha gospitalda ishlab, o‘qishni davom ettirdi.
Toshkentga qaytgach, Lola opani Hamza teatriga aktrisa sifatida ishga qabul etishdi. Dastlab unga epizodik rollar topshirildi. Salobatli aktyorlar Abror Hidoyatov, Shukur Burhonov, Sora Eshonto‘rayevalar qarshisida dovdirab qolgan paytlari ham bo‘ldi. Opani 1946 yilda A.N.Ostrovskiy nomidagi Toshkent Davlat Teatr va rassomchilik san’ati instituti (hozirgi M.Uyg‘ur nomidagi Toshkent Davlat San’at instituti)ning Sahna nutqi kafedrasiga ishga taklif etishadi.
Dastlab oddiy o‘qituvchilikdan ish boshlagan Lola opa asta - sekin fan nomzodi, kafedra mudiri, professorlik pog‘onalariga ko‘tarildi. Mana, qariyb 60 yildirki, ular talabalarga va kafedraning yosh o‘qituvchilariga o‘z bilimlarini ayamay o‘rgatib kelmoqdalar.
Lola opaning ko‘plab uslubiy maqolalari, qo‘llanmalari chop etilgan bo‘lib, talabalar ulardan keng foydalanmoqdalar. Opaning yuzlab shogirdlarini O‘zbekistonimizdagina emas, balki Rossiyada, qo‘shni respublikalarda, hatto xorijda ham uchratish mumkin. Zullisonayn sohibasi Lola Xo‘jayevaning o‘ziga xos fazilatlari shundaki, o‘zbek, rus talabalaridan tashqari, qirg‘iz yoshlariga qirg‘iz tilida, turkman yoshlariga sof turkman tilida talaffuz etish qoidalariyu, sahna nutqi talablarini, sirlarini o‘rgata oladilar. O‘z kasbining mohir ustasi Lola Xo‘jayeva koreys guruhlariga dars berayotib, o‘zlari ham sof koreys tilini o‘rgandilar. Koreyslarning milliy urf - odatlaridan kelib chiqib, fanni talabchanlik bilan o‘zlashtirishni vazifa qilib qo‘ygandi va bu maqsadga erishdi. “Agar ilmingga tayanib, isbotu ishonch bilan dadil gapirmas ekansan, seni hech kim tinglamaydi, ezmalanib bekorga vaqt sarf etma”, — deydi Lola opa shogirdlariga.
Lola opa Xo‘jayeva ko‘plab diplom spektakllariga rejissyorlik ham qilgan. Mana ular: “Mehmonxona bekasi” (K.Goldoni), “Konli to‘y” (G.Lorka), “Bernarda Alba xonadoni” (G.Lorka), “Meshanin vo dvoryanstvye”(Moler), “Gamlet” (V.Shekspir), “Kim to‘g‘ri” (X.X.1iyoziy).
Lola opa turli radio va telespektakllarda ishtirok etganlar. Ulardan “Yagona guvoh”dagi akademik Saburova, “Ufq”dagi Jannat, “Nurxon”dagi Xalcha, “Kelin salom”dagi teatr direktori kabi rollari tomoshabinlarga manzur bo‘lgan. O‘z mehnati va bilimlarini yoshlardan ayamagan katta qalbli ustoz Lola Xo‘jayevaga tasannolar bo‘lsin!