Sizga hikoya qilmoqchi bo‘lgan ushbu qahramonimizni boshqalardan ajratib turuvchi ajib bir xislati bor. U arab tilini, arab olamini juda chuqur biladi, chuqur tushunadi. Butun borlig‘i u bilan bog‘liqdir. Chindan ham shunday. Uning hayot sari bosgan ilk qadamidan tortib, yuksak ilmiy darajalarga erishishida til bilish, shu yo‘lda izlanish kabi qutlug‘ ishi sababchi bo‘ldi. Ana endi Ra’no Xo‘jayevaning tarjimai holiga nazar tashlaylik.
Xo‘jayeva Ra’no Umarovna 1941 yil 7 iyulda Toshkent shahrida ziyoli oilada tug‘ildi.
1958 yil Toshkent shahar A. S. Pushkin nomli 10 - maktabni bitirib, Toshkent Davlat universiteti sharq fakultetining arab bo‘limiga o‘qishga kirdi. Uni 1963 yili Arab tili va adabiyoti ixtisosligi bo‘yicha imtiyozli diplom bilan tamomladi. So‘ng yarim yilcha Toshkent radiosi xorijiy tahririyatining eron bo‘limida ishladi. 1964 yil aprel oyida UzFA Sharqshunoslik instituti aspiranturasiga o‘qishga kirib, 1967 yilda uni tugatdi va shu yerda katta laborant lavozimida ishda qoldi. 1968 yil 27 martda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomli Sharqshunoslik instituti huzuridagi ixtisoslashgan kengashida “Misr yozuvchisi Abdurahmon al-Xamisiy ijodiy faoliyati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi. 1997 yilgacha shu institutda kichik ilmiy xodim, katta ilmiy xodim, bo‘lim boshlig‘i lavozimlarida ishladi.
Ra’no Umarovna 1990 yildan boshlab Toshkent Davlat Sharqshunoslik institutida o‘rindoshlikda dars bera boshladi.
U 1995 yildan buyon filologiya fanlari doktori. Ra’no Xo‘jayevaga ilmiy daraja O‘zbekiston Respublikasi Oliy attestatsiya komissiyasi qarori bilan “XX asr birinchi yarmida Misr she’riyatida badiiy tafakkurning tadrijiy taraqqiyoti” mavzusidagi dissertatsiyani himoya qilish natijasi asosida berilgan. 1998 yil noyabr oyidan boshlab hozirga kadar ToshDPI arab filologiyasi kafedrasining mudiri lavozimida ishlab kelmoqda.
Olima ishlab chiqqan nazariy va kontsentual hulosalar nashr etilgan monografiyalar, yurtimizda va chet elda e’lon qilgan maqolalar, o‘quv - uslubiy ishlari va tezislarida o‘z aksini topgan. Uning “Misr she’riyati taraqqiyoti ocherklari” kitobiga mahalliy arab matbuotida ijobiy taqrizlar e’lon qilindi. Mazkur kitob Toshkent, Moskva, Sankt - Peterburg, Dushanbe, Olma - ota, Mahachkala va boshqa sharqshunoslik o‘quv markazlarida qo‘llanma sifatida foydalanilmoqda. Ra’no Xo‘jayevaning 5 ta monografiya, 70 dan ortiq ilmiy maqolalar va ilmiy - uslubiy ishlari nashrdan chiqqan. Olimaning kasbiy faoliyati natijalari respublika va halqaro ilmiy anjumanlarda so‘zlagan ma’ruzalarida o‘z aksini topdi.
Ra’no Xo‘jayeva 1989 - 1990 yillarda Rossiya FA Sharqshunoslik institutida bir yillik stajirovkada, 1996 yilda esa Misrda besh oylik ilmiy stajirovkada bo‘ldi va u yerdagi kasbdoshlari bilan tajriba almashdi. Misrda Qur’oni karim tafsiri “Al – Muntahab”ning rus tilidagi tarjimasiga muharrirlik qildi. (2000 yil Kohirada nashrdan chiqdi). Suriya, Misr va Eronga kilgan ilmiy safarlari davrida Damashq, Aleio (Xalab), Ayn - Shams, Dumyatt universitetlarida, Qohiradagi Arab davlatlari uyushmasida va boshqa muassasalarda arab adabiyotining dolzarb muammolari, O‘zbekistonda sharqunoslik fanining rivoji, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutining qo‘lyozmalari fondi va undagi arabiyzabon qo‘lyozmalar kabi masalalar bo‘yicha ma’ruzalar bilan chiqdi.
Ra’no Xo‘jayevaning ilmdagi baxti oilaviy baxti bilan bog‘lanib ketgan.