O‘zbekiston Ilm-Fani: Tarixi va rivoji

Akademiklar

O‘zbekiston Respublikasi
Fanlar akademiyasi

Fundamental kutubxonasi
Akademiklar

Xudoyqulov Muxtor

Filologiya fanlari  doktori, professor

    Taniqli  masalchi  shoir, yozuvchi va olim, filologiya fanlari  doktori  Muxtor   Xudoyqulov 1936 yilda Rishton  tumanining  Jalayer  qishlog‘ida  tavallud  topgan. U 1954 yilda o‘rta  maktabni  tamomlab,  O‘rta Osiyo  davlat universiteti  ( hozirgi O‘zbekiston  Milliy  universiteti) ning jurnalistika  bo‘limiga  o‘qishga kirdi. 1959 yilda  bu oliygoxni bitirgach, respublika markaziy gazetalari hamda “Mushtum” jurnali tahririyatlarida ishladi. 1964 yildan to keyingi paytlargacha Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU]ning jurnalistika fakultetida talabalarga jurnalistika fanidan dars berdi.
  Ilmni amaliyot bilan qo‘shib olib boruvchi mohir pedagog Muxtor aka o‘zining ilmiy - ijodiy saboqlari bilan ko‘pchilik talabalarning hurmatini qozona oldi. Shu boisdan respublikamiz matbuotida va boshqa ommaviy axborot vositalarida ishlagan hamda ishlab kelayotgan ko‘p jurnalistlar domlani o‘zlarining ustozlari deb biladilar.
  Muxtor Xudoyqulov respublikamizda matbuotshunoslik fanining rivojiga ham salmoqli hissa qo‘shgan yirik mutaxassis hisoblanadi. Uning jurnalistika hamda publitsistika nazariyasi va amaliyoti borasida yaratgan o‘nlab kitoblari hozirda ham bo‘lajak jurnalistlar uchun muhim qo‘llanma sifatida xizmat qilib kelmoqda. Shuningdek, u o‘zbek hajviy publitsistikasi tarixi va nazariyasi bo‘yicha nomzodlik hamda doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qildi. Bu mavzu bo‘yicha ko‘plab ilmiy maqolalar, kitoblar yozib nashr ettirdi.
  Muxtor aka samarali va serqirra ijodi bilan tanilgan atoqli adibdir. Uning o‘nlab she’riy va nasriy masalalar, lirik va hajviy she’rlar, hikoyalar to‘plamlari o‘quvchilar qo‘liga yetib borgan. Hayotiy manzaralar, taqdirlar haqida hikoya qiluvchi “O‘ylab topilmagan hikoyalar” turkumiga doir kitoblari ham o‘quvchilarga manzur bo‘ldi. U dramaturgiya sohasida ham barakali ijod qilib, qator tarixiy va zamonaviy dramalar, komediyalar yozdi; ulardan ayrimlari sahnalashtirildi. Bolalar uchun yozilgan “Quvnoq alifbe”, “Mittivoyning sarguzashtlari”, “Sindbodning yangi sarguzashtlari” va boshqa kitoblari yosh o‘quvchilar mehrini qozona oldi. Yozuvchi tarjima sohasida ham barakali ish olib borib, qadimgi yunon masalchisi Ezop, xitoy faylasufi Konfutsiy, rus masalchisi I. A. Krilov va boshqa adiblarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
  - Domla o‘z talabalariga har bir jurnalist, ijodkor tarjima nazariyasini puxta bilishi va uni yaxshi amalga oshirish mahoratiga ega bo‘lishi haqida ko‘p ta’kidlar edi. Bunga avvalo ustozning o‘zi amal qilgani har bir yoshga ibrat bo‘ldi va butun ijodiy faoliyati davomida badiiy tarjima bilan ham shug‘ullanib keldi, - deb ta’kidlaydi uning shogirdlaridan biri, taniqli jurnalist, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Hamidjon Burhonov.
  1980 yilda atoqli rus masalchisi I. A. Krilovning yuzga yaqin masalini tarjima qilib, o‘zbek tilida nashr ettirgani adabiyotimiz uchun katta naf keltirdi. 1983 yilda Krilovdan tarjima qilgan masallari “Fil va Laycha” nomi bilan nashr etildi. 1974 yilda rus shoiri S. Mixalkovning “Masallar”, 1985 yilda “Yo‘llar” to‘plamiga kirgan masallari uning tarjimasida bosilib chiqdi. 1978 yilda L. I. Bryuxanova va V. I. Kuznetsovlarning “Razvedkachi Nikolay Kuznetsov”, 1982 yilda L. Trimasovning “Notinch tunlar”, 1981 yilda serb hajvchi yozuvchisi Nushichning “Kikandon mashmashalari” hajviy hikoyalar to‘plami, 1983 yilda gruzin yozuvchisi N. Dumbadzening “Men, buvim, Iliko va Illarion” hajviy romani ustoz tarjimasida bosilgan. 2008 yilda Ezop masallari va qadimiy xitoy faylasufi Konfutsiyning hikmatlari ham (she’riy shaklda) Muxtor Xudoyqulov tarjimasida bosilib chiqib, kitobxonlar mulkiga aylangan.
  Ustoz latifani, hajvni sevadi, shuning uchun ijodining ko‘p qismini ana shu janrlarda yozgan asarlari egallaydi. U davralarda, ba’zi tadbirlarda ham suhbatini latifago‘ylikka,hajvga burib yuborganini bilmay qoladi. Kimda biron kulgili narsa ko‘rsa ayab o‘tirmaydi, bu ba’zilarga yoqsa, ba’zilarga yoqmasligi turgan gap. Yaqinlari “siz falonchini gapingiz orasida bir chimdib ketdingiz, xafa bo‘lib qoladi, deb ham o‘ylamaysiz” desa, “ko‘rganimni aytdim - da, nima qipti” deb qo‘yaqoladi.
  Domlani Bulgoriyaning latifago‘y shahri Gabrovoga bir necha marta borib kelganini bilamiz. Chunki u Gabrovo shahrida yaratilgan latifalarni tarjima qilgan. Bu kitob 1977 yilda bosilib chiqqan. 1999 yilda esa ushbu latifalar va domlaning Gabrovo shahrida o‘tkazilgan Xalqaro hajvchilar anjumanida bo‘lganligi borasidagi yumoristik hikoyalari qo‘shilgan holda “Gabrovo latifalari va hangomalari” nomi bilan bosilib chiqdi.
  Jiddiy va hajviy mavzularda baravar ijod qiladigan adiblar kam, ammo ustozimizning buni butun umri davomida uddalab kelayotganini aytmay bo‘lmaydi. U mavjud manbalarga tayanib, bundan o‘n olti yil avval tarixiy - ma’rifiy mavzuda “Rivoyatlar va hikoyatlar” nomli kitob yozgan edi. Uni keng kitobxonlar ommasi qiziqish bilan kutib oldi. Hozir ana shu mavzudagi “Odam va olam” majmuasi ustida ish olib bormoqda. Turkumga kirgan “Bobil minorasining siri”, “Qilga osilgan qilich” kabi majmualar dunyo yuzini ko‘rdi, keyingilari nashrga tayyor turibdi.
  M. Xudoyqulov 1964 yildan to 2014 yilgacha Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zMU)ning jurnalistika fakultetida matbuot nazariyasi fanidan dars berdi hamda jurnalistika va publitsistika nazariyasi bo‘yicha tinimsiz ilmiy ish olib bordi. 1968 yilda “O‘zbek hajviy jurnalistikasining shakllanishi” va rivojlanishida “Mushtum” jurnaliningo‘rni” mavzusida nomzodlik, 2001 yilda “O‘zbek hajviy publitsistikasining shakllanish va rivojlanish tamoyillari” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi. Jurnalistika va publitsistika nazariyasi bo‘yicha ellikdan ortiq ilmiy maqola yozdi. “O‘zbek hajviy publitsistikasi” (2001), “Badiiy publitsistika janrlari” (2004), “Jurnalistikaga kirish” (2005), “Axborot publitsistikasi” (2008), “Jurnalistika va publitsistika” (2008, 2011) kabi o‘quv qo‘llanmalari va darsliklari nashr etildi.
  Muxtor Xudoyqulov atoqli o‘zbek adiblari G‘afur G‘ulom, Oybek, Abdulla Qahhor va boshqa yozuvchi - shoirlar bilan doimo uchrashib turar, muloqotlar qilardi. “Ular bilan qilgan har bir suhbatim ijodiy faoliyatimning o‘sishiga katta ko‘mak bergan”, deya eslaydi ustoz. Nomzodlik dissertatsiyasini yozganda atoqli adabiyotshunos olim, O‘zbekiston Qahramoni Ozod Sharafiddinov, doktorlik dissertatsiyasi paytida esa hurmatli Naim Karimov ilmiy rahbarlik qilgan edilar. Ustoz o‘zining bu ulug‘ ustozlaridan abadulabad minnatdorligini aytadi.
  Serqirra ijodkor hamon g‘ayrat - shijoat bilan ishlab, o‘z muxlislariga yangi - yangi asarlarini taqdim etmoqda.



Kitoblari. Maqolalari. Ilmiy-tadqiqot ishlari. Yutuqlari

service-icon

Aniq fanlar

Aniq fanlar tarkibiga matematika, informatika kabi fanlar kiradi.

service-icon

Ijtimoiy-gumanitar fanlar

Ijtimoiy-gumanitar fanlar qatoriga antropologiya, arxeologiya, iqtisodiyot, siyosat , sotsiologiya, tarix, huquqshunoslik, psixologiya kabi fanlar kiradi

service-icon

Tabiiy fanlar

Tabiiy fanlar sirasiga astronomiya, fizika, geografiya, kimyo, biologiya kabi fanlar kiradi.

service-icon

Filologiya

Filologiya tarkibiga tilshunoslik, adabiyotshunoslik kabi fanlar kiradi.

Aniq fanlar5



Ijtimoiy-gumanitar fanlar5



Tabiiy fanlar10



Filologiya80